Yangiliklar

ABACUS Law Firm Samarqanddagi C5+1 biznes dasturi ishtirokchisi

2026-yil 19-oktabrda ABACUS Law Firm hamkorlari Rustam Akramov va Umidjon Olimjonov Samarqandda C5+1 biznes dasturida ishtirok etdi. Dastur «Markaziy Osiyo — AQSH» formatidagi vazirlar uchrashuvi bilan bir vaqtda o‘tdi. Uchrashuvda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari hamda AQSH davlat kotibi Marko Rubio qatnashdi.

C5+1 vazirlar uchrashuvi ishtirokchilari Samarqanddagi madaniy dasturda
© U.S. Embassy Tashkent

C5+1 formati 2015-yildan beri amal qilib kelmoqda, uning birinchi vazirlar uchrashuvi ham Samarqandda bo‘lib o‘tgan. Bu safar muzokaralarga yirik ishbilarmonlar delegatsiyasi hamrohlik qildi: AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, uning tarkibiga Amerika biznesining 200 dan ortiq vakili kirgan. Shu kuni Samarqandda Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.

ABACUS Law Firm hamkorlari Rustam Akramov va Umidjon Olimjonov C5+1 biznes dasturida, Samarqand, 2026-yil 19-oktabr
© ABACUS

Biznes sessiyalari mintaqa davlatlari hukumat vakillari va tadbirkorlarni birlashtirdi. ABACUS hamkorlari «Raqamli texnologiyalar» hamda «Energetika va transport infratuzilmasi» sessiyalarida qatnashdi. Muhokamalar Amerika kompaniyalari va investitsiyalarini jalb qilish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish hamda AQSH va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga bag‘ishlandi.

Raqamli texnologiyalar sessiyasida Google Cloud vakili O‘zbekistonda Google Pay ishga tushirilishi haqida e’lon qildi. Bundan avval, 2026-yil 26-martda, shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va ularga ishlov berish qoidalarini o‘zgartirgan O‘RQ-1125-son Qonun imzolangan edi. Endi biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek telekommunikatsiyalar operatorlari abonentlarining ma’lumotlari O‘zbekistonda saqlanishi majburiy. Boshqa ma’lumotlarga himoya talablariga rioya etilgan holda xorijda ishlov berish mumkin. Xorijiy raqamli xizmatlar uchun bu bozorga kirishda birinchi navbatda hal qilinadigan masalalardan biri hisoblanadi. ABACUS bunday masalalar ustida avval ham ishlagan — masalan, IPS Gateway to‘lov infratuzilmasida shaxsga doir va bank ma’lumotlari bo‘yicha loyihada.

Energetika va transport infratuzilmasida yirik loyihalar odatda investitsiya kelishuvlari va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlariga asoslanadi. Bu sohalarda asosiy huquqiy vazifalar — loyiha tuzilmasini belgilash, risklarni taqsimlash va investitsiyalarni himoya qilish.

ABACUS Law Firm xorijiy investorlar va xalqaro kompaniyalarga O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda faoliyat yuritish masalalari bo‘yicha maslahat beradi: bozorga kirish shaklini tanlash va biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, korporativ huquq va M&A bitimlari, investitsiya loyihalari va DXSh, raqamli biznesni tartibga solish va shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, soliq masalalari va nizolarni hal etish.

Matbuot markazi

Nashr mavzusi bo‘yicha savolingiz bormi?

ABACUS yuristlari qonunchilikdagi o‘zgarishlarni biznesingiz nuqtai nazaridan sharhlab beradi

+998 97 733 30 40